Institut nizomi


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI

O‘SIMLIK VA HAYVONOT OLAMI GENOFONDI INSTITUTI – DAVLAT KORXONASI

(O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI O’SIMLIK VA HAYVONOT OLAMI GENOFONDI INSTITUTI– DAVLAT KORXONASI)

N I Z O M I

Umumiy qoidalar

1.1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 7 fevraldagi “Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari tuzilmasini maqbullashtirish va ular faoliyatini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi 33-sonli va O‘zR FA Hay’atining 2012 yil 8 fevraldagi № PX-2/1-sonli qaroriga asosan “Botanika” IICHM va Zoologiya instituti asosida tashkil etildi.

1.2. Institut O‘zR FAning tabiiy fanlar kompleksi tarkibiga kiradi hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Nizomi, O‘zbekiston FA ilmiy-tadqiqot institutining namunaviy Nizomiga va ushbu Nizomga muvofiq ish yuritadi.

1.3. Institut faoliyatiga O‘zR FA Hay’ati umumiy rahbarlik, uning tabiiy fanlar kompleksi esa ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladi.

1.4. Institutning barcha xalqaro aloqalari va tashkilotlarga a’zoligi to‘liq saqlanadi hamda ularning ishida faol ishtirok etadi.

1.5. Institut ilmiy faoliyati tabiiy fanlar sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ustuvor hamda istiqbolli yo‘nalishlarining ilmiy-tadqiqot rejalari asosida  aniqlanadi.

1.6. Institut ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari O‘zR FA Hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.

1.7. Institut yuridik shaxs huquqiga, mustaqil balansga, O‘zbekistonning Davlat gerbi tasvirlangan hamda institut nomi bitilgan yumaloq muhrga va burchakli shtampga ega.

Institut balansiga:

– Institutning binosi va unga qarashli bo‘lgan:

  1. a) akademik F.N.Rusanov nomidagi Botanika bog‘i binosi va unga tegishli er maydonlari (Toshkent shahri);
  2. b) Markaziy gerbariy;
  3. v) Bo‘stonliq tog‘-botanika statsionari (Toshkent viloyati);
  4. g) Qizilqum cho‘l stansiyasi (Buxoro viloyati, SHofirkon tumani);
  5. d) Amir Temur nomli Botanika bog‘i binosi va unga tegishli er maydonlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Ellikkal’a tumani, Bo‘ston shahri);
  6. e) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi tajriba uchastkasi (ctatsionar);
  7. j) “Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi” davlat unitar korxonasi;
  8. z) Antitermit sho‘‘ba korxonasi;

Institut manzili: 100053, Toshkent sh., Bog‘ishamol ko‘chasi, 232 uy

Institut Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek filiali AIKB “Ipak yo‘li” bankida hisob-kitob muomalasini olib boradi.

Amir Temur nomli Botanika bog‘ining manzili: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Ellikqal’a tumani, Bo‘ston shahri. Mazkur botanika bog‘i Paxtabankning Bo‘ston shahar bo‘limida hisob-kitob muomalasini olib boradi.

1.8. Institutning vazifalari:

– o‘z faoliyati  yo‘nalishi bo‘yicha biologiya fanining ustivor ilmiy yo‘nalishlarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish va natijalarini amaliyotga tadbiq etish;

– tabiiy va qazilma holdagi flora va o‘simliklar qoplamini o‘rganish, tabiiy zahiralarini aniqlash, ulardan oqilona foydalanish, qayta tiklash va muhofaza qilishga oid ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish;

– o‘simliklar genofondini o‘zga hudud o‘simlik turlari bilan boyitish, mavjud genofondni saqlash, ayniqsa, kamyob va yo‘qolish xavfi bo‘lgan o‘simliklarni muhofaza qilish maqsadida introduksiya va akklimatizatsiya ishlarini olib borish;

– o‘simliklarga tabiiy ekologik muhitning, antropogen va texnogen omillarning ta’sirini o‘rganish, ulardagi strukturaviy va funksional moslanish qonuniyatlari, kserofitizm, galofitizm va cho‘llanish jarayonlarini ilmiy asoslab berish;

– tabiiy o‘tloqlarning hosildorligini oshirish, sun’iy o‘tloqlar yaratish, cho‘l va yarim cho‘l mintaqalarini hamda quriyotgan Orol dengizi tubini yangi fitomeliorantlar bilan boyitish;

– dorivor, efirmoyli, bo‘yoqli, ozuqabop, gulli va manzarali hamda boshqa xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan istiqbolli o‘simliklardan oqilona foydalanish va ularni madaniylashtirish maqsadida introduksiya va akklimatizatsiya ishlarini amalga oshirish;

– alьgoflora, mikoflora va yuksak suv o‘simliklar florasini o‘rganish, suvo‘tlar va zamburug‘larning tirik kolleksiyalarini tashkil etish, istiqbolli tur va shtammlarni jadal yo‘l bilan o‘stirish va ulardan biologik faol moddalarni ajratib olish biotexnologiyalarini yaratish, ifloslangan oqova suvlarni biologik tozalashga oid ilmiy ishlarni amalga oshirish va ishlab chiqarishga tavsiyalar berish;

– chet el va mahalliy o‘simliklarni introduksiya va akklimatizatsiya qilish asosida ko‘kalamzorlashtirish, atrof muhitni muhofaza qilish ishlarini ilmiy asoslash va xalq xo‘jaligiga joriy qilish;

– qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va kimyo sanoati uchun zarur bo‘lgan zamburug‘, suvo‘ti va yuksak o‘simliklarning nav, forma va shtammlarini yaratish hamda ularning xom ashyo bazasini ishlab chiqish;

– O‘zbekiston hayvonot olamining biologik xilma-xilligini o‘rganish va muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish asoslarini ishlab chiqish;

– o‘simlik zararkunandalari va biozararlantiruvchilarga qarshi kurash choralarining ekologik asoslarini ishlab chiqish;

– qishloq xo‘jalik hayvonlari parazitlarini o‘rganish va ularga qarshi kurash usullarini ishlab chiqish;

– noyob va yo‘qolib ketish xavfi mavjud turlarning monitoringi; ekologik xavfsizlikni ta’minlash muammolarini echish;

– tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar, hayvonot olamining ayrim turlaridan biologik faol moddalar olish, ularning hom-ashyo bazasini ishlab chiqish hamda eksport zahirasini yaratish;

– o‘simliklar yig‘ish va hayvonlar ovlash uchun kvotalar belgilashning ilmiy asoslarini yaratish

– institutning ustivor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarini tashkil etishning shakllarini takomillashtirish;

– fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarining ekspertizasida ishtirok etish.

1.9. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va amaldagi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Nizomiga, O‘zR FA Hay’atining qarorlari va farmoyishlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.

2. Institutning ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyati

2.1. Institut o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish uchun:

– belgilangan tartibda tasdiqlangan reja va dasturlarga muvofiq fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi;

– olingan natijalardan foydalanish yuzasidan vazirliklar, idoralar hamda ishlab chiqarish markazlari va korxonalari bilan hamkorlikda ish olib boradi va tadbirlar qabul qiladi;

– tashqi iqtisodiy aloqalarni O‘zbekiston Respublikasida amalga ko‘llanilayotgan qonunchilik asosida amalga oshiradi;

– o‘rnatilgan tartib asosida ixtirolar va boshqa ilmiy-texnik faoliyat natijalarini  (patent, litsenziyalar, ”nou-xau”, ishlab chiqarish namunalari, tovar belgilari, konsalting turidagi xizmatlar va boshqalar) bo‘yicha eksport-import muomalalarini o‘tkazadi;

– botanika bog‘i hududida ilmiy-ma’rifiy  ishlarni amalga oshirish maqsadida ekskursiyalar, ilmiy-ommabop ma’ro‘zalar, turli o‘simlik ko‘rgazmalarini tashkil etadi va xalqaro, respublika miqyosidagi o‘simlik ko‘rgazmalarida ishtirok etadi;

– ixtiro va ilmiy-tadqiqot natijalari asosida biopreparatlar, ozuqabop fitomeliorantlar, dorivor o‘simlik yig‘malari, xushbo‘y ichimliklar, balьzamlar, ziravorlar, efir moylari tayyorlash retsepturalari va   texnologiyalarini  yaratadi, ishlab chiqaradi va realizatsiya qiladi;

– o‘simlik turlari, formalari, navlari, urug‘ va mevalarni tayyor mahsulot darajasigacha etkazadi va realizatsiya qiladi;

– Institut tarkibiga oid zarur o‘zgartirishlar kiritadi;

– Institut oliy o‘quv yurtlari, turli vazirlik va idoralar, muassasa va tashkilotlari bajarayotgan ishlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etadi;

– Institut olimlari o‘rtasida ijodiy aloqalarning turli shakllaridan foydalanadi va rivojlantiradi;

– ilmiy va ilmiy-texnikaviy masalalar yuzasidan qurultoylar, simpoziumlar, konferensiyalar va kengashlar uyushtiradi, tarmoq ilmiy jamiyatlari ishida ishtirok etadi;

– ilmiy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;

– Institutning tadqiqotlari va olingan ilmiy natijalari haqida keng miqyosda tashviqot va targ‘ibot ishlari olib boradi;

– ixtirolar va ixtirochilik takliflarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

– biologiya, agronomiya, o‘rmonchilik, ekologiya, farmatsevtika  yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va akademik-litseylar bilan shartnoma asosida «Botanika» va “Zoologiya” ilmiy-o‘quv markazlari, Botanika bog‘i, Markaziy gerbariy, tajriba dala va laboratoriyalarida o‘quv ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etadi.

– Institut qoshida belgilangan tartibda firmalar, kichik va qo‘shma korxonalar, shuningdek, nodavlat va notijorat tashkilotlar tashkil etish.

2.2. Institut pul mablag‘larini belgilangan tartibda, mustaqil ravishda sarflaydi, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirish moddiy rag‘batlantirish jamg‘armalarini tashkil etadi.

2.3. Institut bajarayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini belgilangan tartibda rasmiylashtiradi, tegishli axborot organlariga bajarilgan ishlar haqida ilmiy-texnikaviy axborot, hisobotlar tayyorlaydi va topshiradi, o‘z faoliyatida ilmiy axborot materiallaridan to‘liq foydalanishni ta’minlaydi.

2.4. Institut buxgalteriya, operativ hamda statistik hisob-kitob ishlarini olib boradi.

2.5. Institut mehnat haqidagi qonunlarga, mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, mehnat  intizomi qoidalari va me’yorlariga rioya qilinishini ta’minlaydi va o‘z hisobida turgan mol-mulkning saqlanishini ta’minlaydi.

3.Institutning huquqlari

3.1. Institutga berilgan huquqlar direktor va belgilangan ish taqsimotiga ko‘ra institutning boshqa mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.

Rejalashtirish sohasidagi huquqlar.

3.2. Institut:

  1. a) ilmiy tadqiqotlar, tajriba va eksperimental ishlar hamda ishlab chiqarishda va xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida botanika va zoologiya yutuqlaridan foydalanish, ilmiy kadrlar tayyorlash, moddiy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlash va boshqa rejalarning loyihalarini ishlab chiqadi;
  2. b) reja, topshiriq va buyurtmalarni hisobga olgan holda, institut ilmiy tadqiqot ishlarining yillik rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; har bir mavzu, ishlanma, shuningdek, tanlovdan o‘tgan loyihalarning mablag‘ manbaidan qat’iy nazar, harajatlarini rejalashtiradi va hisobga oladi;
  3. v) ustivor ixtisosliklar bo‘yicha tashkilotlararo va institutning o‘zi uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar rejalarini ishlab chiqadi;
  4. g) institutning tahririy-nashr rejalarini tuzadi;
  5. d) ilmiy bo‘lim yoki laboratoriyalarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalarni mahsulot darajasiga etkazish rejasini ishlab chiqadi;
  6. e) oziq-ovqat, dori-darmon, ko‘kalamzorlashtirish va xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan boshqa xildagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni rejalashtiradi;
  7. yo) institutning istiqbolli ilmiy-ishlab chiqarish rejalarini amalga oshirish maqsadida issiqxonalar barpo etish va ularda gulli manzarali va dorivor o‘simliklar ko‘chati hamda oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirishni rejalashtiradi.

Moliya sohasidagi huquqlar.

3.3. Institut:

  1. a) ajratilgan mablag‘ hamda ish haqi fondining umumiy hajmi chegarasida, sarf-harajatlar smetasi asosida, xarajatlar mikdorini belgilaydi;
  2. b) yo‘nalishiga ko‘ra buyurtmachilar bilan tuziladigan shartnomada ilmiy-tadqiqot, eksperimental ishlar hajmini mustaqil ravishda aniqlaydi va mazkur shartnomalar bo‘yicha olingan mablag‘larni belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta bo‘yicha sarflaydi;
  3. v) “Ipak yo‘li” bankiga qarashli Toshkent shahar Mirzo-Ulug‘bek bo‘limida hisob-kitob raqamiga ega. Institut bank kreditidan foydalana oladi va kreditdan maqsadli foydalanish hamda uni o‘z vaqtida qaytarish uchun javobgardir;
  4. g) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki orqali tashqi moliyaviy aloqalarni amalga oshiradi, o‘z valyuta raqamini ochadi;
  5. d) tadqiqotlar va ishlanmalar hamda buyurtmachilar bilan xo‘jalik shartnomalari asosida faoliyat olib borish uchun tuzilgan smetalar bo‘yicha byudjet mablag‘larini tejashdan hosil bo‘ladigan foyda Institut ixtiyorida qoldiradi;
  6. e) yakunlangan ishlardan tushgan sof foydani taqsimlaydi, belgilangan tartibda xodimlarni moddiy rag‘batlantiradi, ilmiy – texnikaviy va ijtimoiy fondlarga yo‘naltiradi, byudjet, bank muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qiladi;
  7. yo) botanika bog‘lari bo‘yicha ekskursiya va turli ilmiy ishlanmalarni mahsulot darajasiga etkazib sotish orqali tushirilgan maxsus mablag‘larni o‘simlik ekspozitsiyalarini saqlash va botanika bog‘larini rivojlantirish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun sarflaydi;
  8. i) institut xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarni tajriba bazalarida ishlab chiqaradi va sotadi;
  9. k) tajriba ishlab-chiqarish bazalari tomonidan etishtirilgan mahsulotlarning hajmini mustaqil ravishda aniqlaydi va realizatsiyadan tushgan mablag‘larni belgilangan tartibda sarflaydi;
  10. l) buxgalteriya va statistik hisobotlar tuzadi va ularni belgilangan tartibda tavsiya etadi;

3.4. Institut belgilangan tartibda O‘zR FA Hay’ati bilan kelishilgan holda asosiy vositalarni amaldagi qonunlar va me’yoriy hujjatlar asosida o‘z hisobidan chiqarish huquqiga ega, shu jumladan:

  1. a) ma’naviy eskirgan, bundan keyin foydalanish va sotish mumkin bo‘lmagan asosiy vositalarni, ilmiy asbob-uskunalarni, transport vositalarini, jihozlarni;
  2. b) texnikaviy jihatdan qayta jihozlanishi, rekonstruksiya qilinishi mumkin bo‘lmagan, xarob ahvoldagi bino va inshootlarni;
  3. v) debitor va boshqa qarzlarni;
  4. g) etishmagan jihozlarni, shuningdek, shakllangan boshqa qarzlarni.

3.5.  Institut o‘z tarkibiy qismlarini alohida balanslarga ajratishi mumkin. Qismlarning aktiv va passiv balanslari institut umumiy balansiga kiradi.

Muhim qurilish va ta’mirlash sohasidagi huquqlari

3.6. Institut mavjud imkoniyatlari doirasida asosiy fondlar, eksperimental bazalar, issiqxonalar, ishlab chiqarishssexlarini quradi, rekonstruksiya qiladi, kapital va joriy ta’mirdan chiqaradi; ishlarning bajarilishini shartnomaviy pudrat yoki xo‘jalik asosida amalga oshiradi, ob’ektlar va sotib olingan uskunalarning ishga tushirilishini ta’minlaydi.

Material va texnika bilan ta’minlash va ularni sotish sohasidagi huquqlari

3.7. Institut boshqa tashkilotlardan, bevosita shartnomalar asosida sotilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni, shuningdek, ulgurji va chakana savdo tartibida moddiy-texnikaviy ta’minotga oid zarur buyumlarni xarid qiladi va ishlab chiqargan mahsulotlarni amaldagi qonunlar asosida sotadi.

Institut ilmiy ishlarini olib borishda o‘ta zarur bo‘lmagan asbob-uskuna, bino xonalari, avtotransport va qishloq xo‘jaligi texnikalarini turli tashkilot va xususiy shaxslarga amaldagi qonunlar asosida shartnoma tuzib ijaraga berish huquqiga ega.

Mehnat va maoshlar sohasidagi huquqlar

3.8. Institut:

  1. a) mavjud ish haqi fondi doirasida o‘zining tuzilish tarkibi va shtat jadvalini ishlab chiqadi va belgilaydi; o‘z tarkibidagi bo‘linmalar va xodimlar miqdorini belgilaydi;
  2. b) tegishli lavozim uchun belgilangan toifalar doirasida mehnatga haq to‘lash, tarif stavkalari va maoshlarga amaldagi qonunlarda ko‘zda tutilganidek ustama va qo‘shimcha haqlar belgilaydi va o‘zgartiradi;
  3. v) tajriba (eksperimental) ishlab chiqarish bazalari, korxonalari,ssexlar, ustaxonalar, uchastka va qurilmalarning ishchilari, rahbar va muxandis-texnik xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartib qoidalarini amaldagi qonunlarga muvofiq, ishlab chiqarishning tegishli tarmoqlaridagi korxona va tashkilotlarning xuddi shunga o‘xshash xodimlari uchun ko‘zda tutilgandek qilib belgilaydi;
  4. g) ishchilarning mehnatiga vaqtbay haq to‘lashni joriy qilish maqsadida kasblar ro‘yxatini belgilaydi; ishchilar uchun og‘ir va zararli, o‘ta zaharli mehnat sharoitlarida bajargan ishlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar va tarif maoshlarini joriy etadi;
  5. d) me’yorlanmagan ish kuniga ega bo‘lgan xodimlar uchun amaldagi mehnat qoidalariga binoan qo‘shimcha mehnat ta’tilini uzaytirish muddatini belgilaydi;
  6. e) mukofotlash va ustamalar yuzasidan tasdiqlangan qoidaga muvofiq xodimlarni mukofotlaydi va ularning mansab maoshlariga ustamalar tayinlaydi;
  7. yo) ilmiy-tadqiqot ishlarini moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlash bo‘yicha operativ faoliyat ko‘rsatadi; zarur xom ashyo, materiallar, yoqilg‘i zahiralariga va uzluksiz hamda bir maromda ishlashni ta’minlaydigan boshqa resurslarga ega bo‘ladi, ularni tejash choralarini ko‘radi;
  8. j) havo, tuproq va suv havzalarini xo‘jalik chiqindilari, oqova suvlar va chiqitlar bilan ifloslanishidan muhofaza qilish, shuningdek, shovqin va salbiy omillar ta’siri yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
  9. z) kasaba uyushmalari bilan kelishilgan holda ishchi va xizmatchilarga maxsus kiyim, poyafzal, zararli sharoitda ishlovchilarga esa maxsus sut olish huquqini beradigan mutaxassislar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

4.Institutni boshqarish

Institut direktori

4.1. O‘zR Fanlar akademiyasi O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutining rahbari direktor hisoblanadi. U Institutning butun faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  Hay’ati oldida shaxsan javob beradi.

4.2. Institut direktori Fanlar akademiyasi Hay’ati tomonidan tabiiy fanlar kompleksining tavsiyasiga binoan shartnoma asosida  etakchi olimlar, odatda fan doktorlari orasidan 5 yilgacha muddatga tayinlanadi.

4.3. Direktorning huquqi va bajaradigan ishlari O‘zR FAning Nizomiga, Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari, ilmiy va muhandis-texnik xodimlari lavozimlarining tavsifnomalariga  hamda mazkur Nizomga asosan aniqlanadi.